30-modda. Buyurtma qoʻriqxonalar
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (710-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Amalda
Ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror koʻpaytirish va tiklash uchun moʻljallangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar buyurtma qoʻriqxonalar hisoblanadi.
Buyurtma qoʻriqxonalar quyidagi turlarga boʻlinadi:
oʻsimliklar va hayvonlarning qimmatli, noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turlarini, tirik organizmlarning koʻchib oʻtish yoʻllarini saqlab qolish, takror koʻpaytirish va tiklash uchun moʻljallangan biologik (botanik, zoologik) buyurtma qoʻriqxonalar;
ayrim qazilma obyektlar va ularning majmualarini saqlab qolish uchun moʻljallangan paleontologik buyurtma qoʻriqxonalar;
qimmatli suv obyektlarini saqlab qolish uchun moʻljallangan gidrologik (botqoq, koʻl, daryo) buyurtma qoʻriqxonalar;
nodir geologik va mineralogik hosilalarni saqlab qolish uchun moʻljallangan geologik va mineralogik buyurtma qoʻriqxonalar.
Buyurtma qoʻriqxonalar umumdavlat yoki mahalliy ahamiyatga molik boʻlishi mumkin.
