14-modda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastri
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (710-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Amalda
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastri bu hududlarning toifalari va turlari, ularning jugʻrofiy holati, miqdor va sifat xususiyatlari, ekologik, iqtisodiy, ilmiy, maʼrifiy va boshqa jihatdan ahamiyati toʻgʻrisidagi, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar haqidagi, shuningdek yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastri ularning rejimini taʼminlash, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish va joylashtirishni rejalashtirayotganda mazkur hududlarni hisobga olish maqsadida yuritiladi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda yuritiladi.
Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastriga doir axborot belgilangan tartibda beriladi.
