Xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisida (263-I-son)
29.08.1996
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
1-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“xorijdan mablagʻ jalb qilish” — Oʻzbekiston Respublikasi yoki uning rezidenti tomonidan xorijiy davlatlar yoki norezidentlar aktivlarining (kreditlar, zayomlar va boshqalarning) mazkur xorijiy davlatga yoki norezidentga yoxud ularning talabiga koʻra uchinchi shaxsga shartlashilgan davrda adekvat aktivlarni, shu jumladan aktivlardan foydalanganlik uchun toʻlovlarni taqdim etish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan holda jalb etilishi;
“davlatning xorijdan mablagʻ jalb qilishi” — aktivlarni chet el manbalaridan (xorijiy davlatlar, ularning yuridik shaxslaridan va xalqaro tashkilotlardan) jalb etish hamda buning natijasida Oʻzbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi rezidentlarning oʻz kreditlari (zayomlari)ni toʻlashiga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga kelishi;
“rezidentning tashqi qarzi” — uning xorijdan mablagʻ jalb qilishi natijasida yuzaga kelgan majburiyatlari yigʻindisi;
“umumiy tashqi qarz” — rezidentlarning davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarzlari hamda davlat tashqi qarzi summasi;
“qarz oluvchi” — xorijdan mablagʻ jalb qilgan yoxud xorijdan mablagʻ jalb qilish niyatini hujjat bilan tasdiqlagan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki rezident;
“kredit beruvchi” — xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha aktivlar bergan yoki aktivlar berish niyatida boʻlgan xorijiy davlat yoki norezident (xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari). Agar norezidentlar bir nechta boʻlsa, u holda kreditorlar guruhidagi vakolatli boshqaruvchi vazifasini bajaruvchi norezident kredit beruvchi hisoblanishi mumkin.
2-modda. Xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Xorijdan mablagʻ jalb qilish bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Davlat qarzi bilan bogʻliq munosabatlar alohida qonun bilan tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida bayon etilganidan koʻra boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnomalar qoidalari qoʻllanadi.
3-modda. Xorijdan mablagʻ jalb qilish
Xorijdan mablagʻ quyidagi yoʻllar bilan jalb qilinadi:
davlat yoki Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlmish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan zayomlar, tovarlar yoki xizmatlarni import qilish shaklida kreditlar jalb etilishi;
norezidentlar mablagʻlarining Oʻzbekiston Respublikasi moliya institutlari tomonidan depozitlarga jalb etilishi;
lizing operatsiyalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va rezidentlarning obligatsiyalar, veksellar hamda boshqa xil qimmatli qogʻozlar chiqarib, chet el bozorlarida joylashtirishi;
boshqa tur va shakllardan foydalanish.
7-modda. Qarz oluvchining majburiyatlari
Qarz oluvchi quyidagilarni bajarishi:
oʻzi tuzgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishi;
xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalar hamda ular yuzasidan operatsiyalar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga, kafolatlangan qarzlar boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga ham hisobotlar taqdim etishi;
har bir alohida tashqi qarz boʻyicha qarzning toʻliq toʻlanganligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga xabar berishi shart.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining vakolatlari
Xorijdan mablagʻ jalb qilish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
xorijdan mablagʻ jalb qilish masalalari boʻyicha xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralar olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlanmagan xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatga olish;
xorijdan mablagʻ jalb qilishga doir operatsiyalarni hisobga olish va kuzatib borish;
umumiy tashqi qarzning hisobini yuritish;
xorijdan mablagʻ jalb qilish boʻyicha maʼlumotlar bazasini yaratish;
Vazirlar Mahkamasiga rezidentlarning tashqi qarzi boʻyicha axborotlar taqdim etish;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlar.
10-modda. Xalqaro moliya tashkilotlariga axborot taqdim etish
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki xalqaro moliya tashkilotlariga Oʻzbekiston Respublikasining tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijdan mablagʻ jalb qilishi toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
11-modda. Xorijdan mablagʻlarni jalb qilish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan bahslarni hal etish
Xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisidagi shartnomalar bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qarz beruvchi bilan qarz oluvchi oʻrtasida chiqqan bahslar, agar xalqaro shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sud tartibida yoki taraflarning kelishuviga koʻra — xolislar tekshiruvi tartibida hal etiladi.
12-modda. Qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 29-avgust,
263-I-son
