1-modda. Asosiy tushunchalar
Xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisida (263-I-son) · Sana: 29.08.1996 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“xorijdan mablagʻ jalb qilish” — Oʻzbekiston Respublikasi yoki uning rezidenti tomonidan xorijiy davlatlar yoki norezidentlar aktivlarining (kreditlar, zayomlar va boshqalarning) mazkur xorijiy davlatga yoki norezidentga yoxud ularning talabiga koʻra uchinchi shaxsga shartlashilgan davrda adekvat aktivlarni, shu jumladan aktivlardan foydalanganlik uchun toʻlovlarni taqdim etish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan holda jalb etilishi;
“davlatning xorijdan mablagʻ jalb qilishi” — aktivlarni chet el manbalaridan (xorijiy davlatlar, ularning yuridik shaxslaridan va xalqaro tashkilotlardan) jalb etish hamda buning natijasida Oʻzbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi rezidentlarning oʻz kreditlari (zayomlari)ni toʻlashiga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga kelishi;
“rezidentning tashqi qarzi” — uning xorijdan mablagʻ jalb qilishi natijasida yuzaga kelgan majburiyatlari yigʻindisi;
“umumiy tashqi qarz” — rezidentlarning davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarzlari hamda davlat tashqi qarzi summasi;
“qarz oluvchi” — xorijdan mablagʻ jalb qilgan yoxud xorijdan mablagʻ jalb qilish niyatini hujjat bilan tasdiqlagan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki rezident;
“kredit beruvchi” — xorijdan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha aktivlar bergan yoki aktivlar berish niyatida boʻlgan xorijiy davlat yoki norezident (xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari). Agar norezidentlar bir nechta boʻlsa, u holda kreditorlar guruhidagi vakolatli boshqaruvchi vazifasini bajaruvchi norezident kredit beruvchi hisoblanishi mumkin.
