91-modda. Parlamentdagi koʻpchilik va parlamentdagi muxolifat. Fraksiyalarning blokka birlashishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasida koʻpchilik oʻrinni egallagan fraksiya parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etadi.
Oʻz dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta fraksiyalar parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etishi mumkin.
Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan fraksiyalar oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.
Fraksiyalarning blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qoʻymaydi.
Oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiya qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakillari Qonunchilik palatasining bir nafar qoʻmita raisi va ikki nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi;
qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar oʻsha masalaga doir qonun loyihasining muqobil tahririni, qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar uning ikkinchi oʻqishga tayyorlangan matnining yoki tarkibiy birligi matnining muqobil tahririni, shuningdek Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muqobil tahririni kiritish;
muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan oʻzining alohida fikrini Qonunchilik palatasining majlisi bayonnomasiga kiritish;
Qonunchilik palatasining majlislarida hukumat aʼzolarining Qonunchilik palatasi deputatlari savollariga javoblarini eshitish (“hukumat soati”) doirasida yilning har choragida kamida bitta masala kiritish;
parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida Qonunchilik palatasiga yilning har choragida kamida bitta masala kiritish;
Senat tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha kelishuv komissiyasida oʻz vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi koʻpchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas.
