7-modda. Bojxona organlarining huquqlari
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
bojxona nazoratini amalga oshirish uchun maʼlumotlar va hujjatlarni tekshirish, ogʻzaki soʻrov oʻtkazish, axborot olish, bojxona koʻzdan kechiruvini, bojxona koʻrigini va shaxsiy koʻrikni oʻtkazish, shuningdek binolar, hududlar va transport vositalarini koʻzdan kechirish;
tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan soʻng jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini hamda ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida tovarlar va transport vositalariga nisbatan bojxona nazoratini amalga oshirish;
bojxona auditini amalga oshirish;
banklardan, moliya organlaridan hamda boshqa tashkilotlardan, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslardan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni soʻrash va olish;
bojxona nazoratini oʻtkazish maqsadida tovarlar hamda boshqa buyumlardan namunalar va nusxalar olish;
bojxonaga oid huquqbuzarliklarning bevosita predmeti boʻlgan tovarlar va boshqa qimmatliklarni ushlab turish hamda olib qoʻyish;
tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv olib borish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turishni amalga oshirish;
maxsus ruxsatnomalar va litsenziyalar berish;
bojxona organlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan va nazoratning texnik vositalaridan foydalanish;
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash maqsadida mutaxassisni yoki ekspertni jalb etish;
jismoniy va yuridik shaxslarga qonunchilikda belgilangan tartibda pulli xizmatlar koʻrsatish;
bojxona organlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish.
