6-modda. Bojxona organlari
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi organlardir.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boʻyicha boshqarmalari, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, bojxona postlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti (bundan buyon matnda Bojxona instituti deb yuritiladi), shuningdek Milliy kinologiya markazi bojxona organlaridir.
Bojxona organlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va oʻz nomi koʻrsatilgan muhrga ega boʻlgan yuridik shaxslardir.
Bojxona organlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.
Bojxona organlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi va cheklangan shtatlari soni, bojxona postlarining toifalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bojxona organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi rahbarlik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi zarur hollarda bojxona organlarining tashkiliy-shtat tuzilmalariga belgilangan umumiy shtatlari soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartishlar kiritishga haqli.
Bojxona postlari tarkibida bojxona punktlari tashkil etilishi mumkin. Bojxona punktlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.
