13-modda. Bojxona organlarida xizmatga qabul qilish va xizmatni oʻtash
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organlaridagi xizmatga fuqarolarni qabul qilish, lavozimga tayinlash, ularning bojxona organlaridagi xizmatda koʻtarilishi va boshqa lavozimga oʻtishi ushbu fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.
Bojxona organlaridagi xizmatga, oʻn yetti yoshdan kichik va oʻttiz yoshdan katta boʻlmagan, shu jumladan oʻttiz yoshda boʻlgan, tegishli darajadagi maʼlumotga ega boʻlgan, oʻzining shaxsiy va ishchanlik fazilatlariga, sogʻligʻining holati va jismoniy tayyorgarligiga koʻra bojxona organi xodimining xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ixtiyoriy asosda qabul qilinadi.
Erkaklar bojxona organlaridagi xizmatga muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni yoxud oliy taʼlim tashkilotlarida harbiy tayyorgarlikni oʻtagan taqdirda qabul qilinadi.
Alohida hollarda, bojxona organlariga xizmatga ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan talablar inobatga olinmagan holda:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, qarori yoki farmoyishi, shuningdek roziligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi asosida — boshqa davlat organlarining va tashkilotlarining xodimlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi asosida — yoshi oʻttizdan oshgan, tor ixtisoslikdagi yuqori malakali mutaxassislar qabul qilinishi mumkin.
Quyidagilar bojxona organlariga xizmatga qabul qilinishi mumkin emas:
muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolar;
xizmatni oʻtashga monelik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari boʻlgan fuqarolar;
boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga koʻra boʻshatilgan fuqarolar;
sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar, qoʻllanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan va oʻziga nisbatan amnistiya akti yoki afv etish qoʻllanilganligidan qatʼi nazar yoxud yarashuv munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan fuqarolar;
