12-modda. Oʻqotar qurolni qoʻllash
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organlari xodimlari oʻqotar qurolni faqat quyidagi hollarda eng soʻnggi chora sifatida qoʻllash huquqiga ega:
fuqarolarni boshqa usullar yoki vositalar bilan himoya qilish imkoni boʻlmaganda — ularni hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi hujumdan himoya qilish uchun;
bojxona organi xodimlari kontrabandaga va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha xizmat majburiyatlarini bajarayotganda — oʻzlarining hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi qurolli hamda boshqa hujumlarni qaytarish uchun;
bojxona organi tomonidan qoʻriqlanayotgan obyektlarga, binolarga (imoratlarga, inshootlarga) qurolli hujumlarni qaytarish uchun;
bojxona organi xodimining qurolni va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalarni, portlovchi moslamalarni, zaharli yoki radioaktiv moddalarni topshirish toʻgʻrisidagi qonuniy talablariga boʻysunishni rad etayotgan shaxsni ushlash uchun;
qurolli qarshilik koʻrsatayotgan shaxsni ushlash uchun, agar qoʻllanilayotgan usullar va vositalar qarshilikni samarali qaytarish, shaxsni ushlash yoki qurolsizlantirish imkonini bermasa;
agar transport vositasini boshqarayotgan shaxs bojxona organi xodimining toʻxtash toʻgʻrisidagi qonuniy talablariga boʻysunmasdan fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga tahdid qilsa, shuningdek uni ushlashning boshqa imkoniyatlari mavjud boʻlmagan taqdirda.
Oʻqotar qurol qoʻllanilishidan avval uni qoʻllash niyati haqida aniq ifodalangan ogohlantirish boʻlishi kerak.
Oʻqotar qurol quyidagi hollarda ogohlantirishsiz qoʻllanilishi mumkin:
qoʻqqisdan qurolli hujum qilinganda, shuningdek harbiy texnika, transport vositalari, uchish apparatlari, daryo kemalaridan foydalanib hujum qilinganida;
transport vositalaridan foydalangan holda kontrabanda ashyolarini noqonuniy olib oʻtgan va boshqa jinoyatlarni sodir etgan qurollangan shaxslar qochganda.
Oʻqotar qurol qoʻllanadigan barcha hollarda bojxona organi xodimi atrofdagi odamlar xavfsizligini taʼminlash uchun barcha mumkin boʻlgan zarur choralarni koʻrishi, zarur hollarda esa jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatishi shart.
Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan oʻqotar qurolni qoʻllash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli hujum qilganligi, fuqarolarning yoxud bojxona organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga tahdid etib, qurolli qarshilik koʻrsatganligi, quroldan foydalanib transport vositasini egallab olganligi yoki guruh boʻlib hujum qilganligi hamda bunday hujumni boshqa usullar va vositalarni qoʻllash yoʻli bilan qaytarish imkoni boʻlmagan hollar mustasno.
