25-modda. Xususiy bandlik agentliklarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi
Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida (O‘RQ-501-son) · Sana: 16.10.2018 · Amalda
Xususiy bandlik agentliklari aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar koʻrsatish maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik qiladi hamda ularga koʻmaklashadi:
iqtisodiyot tarmoqlarida talab qilingan kasblar va malakalarga ega boʻlgan kadrlar tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasini olish uchun tanlovlarda ishtirok etishga jalb etish, shuningdek aholini ishga joylashtirish sohasida boshqa xizmatlar koʻrsatish;
xususiy bandlik agentliklarining soʻrovlari boʻyicha boʻsh va tashkil etilayotgan ish oʻrinlari, shuningdek ish qidirayotgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish;
aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan dasturlar va loyihalarni amalga oshirishga, shu jumladan xorijda amalga oshirishga jalb etish;
aholini ishga joylashtirish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
aholini ishga joylashtirish sohasida axborot kampaniyalari, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlarni birgalikda tayyorlash va oʻtkazish.
