19-modda. Fuqarolar yigʻinini (fuqarolar vakillarining yigʻilishini) oʻtkazish tartibi
Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida (O‘RQ-499-son) · Sana: 15.10.2018 · Amalda
Fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) ishchi guruhning rahbari raisligida oʻtkaziladi.
Fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) kun tartibiga, qoida tariqasida, quyidagi masalalar kiritiladi:
sanoq komissiyasini saylash;
fuqarolar yigʻini raisini saylash.
Fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) fuqarolar yigʻinining (fuqarolar vakillari yigʻilishining) ish reglamenti, shu jumladan fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga nomzodlarning maʼruzalari, ularning muhokamasi, savollar va javoblar uchun vaqt belgilanadi.
Fuqarolar yigʻini raisi saylovi boʻyicha ovoz berish natijalarini aniqlash uchun fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) tomonidan kamida uch kishidan iborat tarkibda sanoq komissiyasi saylanadi.
Fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) raislik qiluvchi fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga nomzodlarni eʼlon qiladi. Shundan soʻng fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) raislik qiluvchi fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga nomzodlarning har biriga soʻz beradi.
Fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga nomzodlarning maʼruzasi alifbo tartibida oʻtkazilib, nomzodlar oʻzining kelgusi faoliyati dasturini eʼlon qiladi.
