“71-modda. Advokat soʻrovi — Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-497-son)
“71-modda. Advokat soʻrovi
Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-497-son) · Sana: 11.10.2018 · Amalda
Advokat davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga mazkur organlar hamda tashkilotlarning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan advokat tomonidan malakali yuridik yordam koʻrsatilishi uchun zarur boʻlgan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni (bundan buyon matnda axborot (hujjatlar) deb yuritiladi) taqdim etish masalalari yuzasidan advokat soʻrovini (bundan buyon matnda advokat soʻrovi deb yuritiladi) yuborishga haqli.
Axborot (hujjatlar), shuningdek ularning koʻchirma nusxalari advokat soʻrovi olingan sanadan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay taqdim etiladi.
Agar davlat organi yoki boshqa organ, shuningdek korxona, muassasa, tashkilot soʻralayotgan axborotga (hujjatlarga) ega boʻlmasa, ular oʻzlariga murojaat etgan advokatga soʻrov olingan sanadan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay bu haqda xabar qilishi shart.
Advokat tomonidan ish boʻyicha surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi boshlanganligi toʻgʻrisida dalolat beradigan hujjat taqdim etilgan taqdirda, soʻrovda koʻrsatilgan axborot (hujjatlar) uch ish kunidan kechiktirmay taqdim etilishi kerak.
soʻrov yuborilayotgan davlat organi yoki boshqa organning, shuningdek korxona, muassasa, tashkilotning nomi va pochta manzili;
advokatning familiyasi, ismi, otasining ismi;
advokat oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, pochta manzili, elektron pochta manzili, telefon raqami;
advokat soʻrovini qayd etish daftaridagi advokat soʻrovining roʻyxatdan oʻtkazilganlik raqami va sanasi;
advokat kimning manfaatlarini koʻzlab harakat qilayotgan boʻlsa, oʻsha jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yuridik shaxsning nomi;
yuridik yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan axborot (hujjatlar);
soʻralayotgan axborotni (hujjatlarni) berish usuli (pochta joʻnatmasi, faksimil aloqa, elektron pochta, bevosita topshirish);
advokatning imzosi.
Advokat soʻroviga orderning koʻchirma nusxasi ilova qilinadi.
Agar advokatlik soʻrovini olgan subyekt soʻralayotgan axborotga (hujjatlarga) ega boʻlmasa yoki maʼlumotlarda davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir mavjud boʻlsa, shuningdek advokat soʻrovida ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlarida nazarda tutilgan axborot (hujjatlar) koʻrsatilmagan boʻlsa, soʻralayotgan axborotni (hujjatlarni) advokatga taqdim etish rad etilishi mumkin.
Advokat soʻrovi advokatlik siriga rioya etilgan holda axborot tizimi orqali elektron shaklda ham berilishi mumkin.
Advokat soʻroviga axborotni (hujjatlarni) taqdim etmaslik, oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoxud bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri axborot (hujjatlar) taqdim etganlik qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi”;
7) 10-modda:
birinchi qismi “u yoki bu tarzda” degan soʻzlardan keyin “bevosita yoki bilvosita” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Sudning advokatni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish toʻgʻrisidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda, sudya bir sutka ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligini va Advokatlar palatasini yozma shaklda xabardor qiladi”;
8) 123-modda:
uchinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq Advokatlar palatasining raisi boʻlishi mumkin emas”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Advokatlar palatasining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini muhokama qilish boʻyicha majlislarida ishtirok etishga va ular yuzasidan fikr-mulohazalar bildirishga haqlidir”;
toʻrtinchi va beshinchi qismlari tegishincha beshinchi va oltinchi qismlar deb hisoblansin;
9) 13-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Malaka komissiyalari hamkasblari orasida hurmatga sazovor boʻlgan advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan toq miqdorda Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalarining va adliya organlarining qoʻshma qarorlari bilan tuziladi.
Malaka komissiyalarining qarorlari ustidan keltirilgan apellatsiyalarni koʻrib chiqish, malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun Advokatlar palatasi huzurida Oliy malaka komissiyasi tuziladi. Oliy malaka komissiyasining tarkibi hamkasblari orasida hurmatga sazovor boʻlgan advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan toq miqdorda Advokatlar palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadi”;
10) 131-moddaning:
birinchi qismi:
birinchi xatboshisidagi “advokatga guvohnoma bergan adliya organining” degan soʻzlar “malaka komissiyalarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi uchinchi — beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“taʼlim muassasalariga, shu jumladan kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash kurslariga oʻqishga kirganda — oʻqish davriga, biroq koʻpi bilan uch yilga;
homiladorlik va tugʻish, uch yoshgacha boʻlgan bolani parvarish qilish boʻyicha taʼtillar berilganda — taʼtil vaqtiga;
advokat yoki uning yaqin qarindoshi ogʻir kasalligi sababli vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik tufayli tibbiy xulosa taqdim etilganda — sogʻayguncha, biroq koʻpi bilan bir yilga”;
uchinchi — yettinchi xatboshilari tegishincha oltinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Advokatda advokatlik faoliyati bilan bir oydan ortiq muddatga shugʻullanishdan ozod qilinishiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud boʻlganda, advokatning maqomi uning arizasiga binoan bunday ozod qilinish muddatiga toʻxtatib turilishi mumkin”;
ikkinchi — beshinchi qismlari tegishincha uchinchi — oltinchi qismlar deb hisoblansin;
beshinchi qismidagi “uchinchi va toʻrtinchi” degan soʻzlar “uchinchi — beshinchi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
11) 14-modda:
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Intizomiy ish yuritish malaka komissiyalarining yoki Oliy malaka komissiyasining qarori bilan qoʻzgʻatiladi”;
toʻrtinchi qismi:
uchinchi xatboshisidagi “birinchi qismining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilariga” degan soʻzlar “ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshisidagi “birinchi qismining toʻqqizinchi, oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilariga” degan soʻzlar “ikkinchi qismining ikkinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi yettinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Advokatga nisbatan intizomiy jazo nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan eʼtiboran olti oy oʻtganidan keyin, moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijalari boʻyicha esa, advokat tomonidan nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan eʼtiboran ikki yil oʻtganidan keyin qoʻllanilishi mumkin emas”;
12) 15-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish advokat jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda u ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan paytdan boshlab va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar advokatga guvohnoma bergan adliya organining qarori bilan amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish advokatga guvohnoma bergan adliya organining yoki Advokatlar palatasining murojaatiga koʻra maʼmuriy sudning qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
Advokatlar palatasi hududiy boshqarmasining yoki adliya organining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan, shu jumladan advokatning zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklaydigan qarorlari advokat tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda;
advokat tomonidan advokatura toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi buzilganligi aniqlanganda.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish muddati olti oydan oshishi mumkin emas, bundan advokat jinoyat ishida ishtirok etishga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hol mustasno. Litsenziyasining amal qilishi toʻxtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni, agar ular bartaraf etib boʻlmaydigan xususiyatga ega boʻlmasa, koʻrsatilgan muddatda bartaraf etishi shart.
Adliya organining litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish advokat maqomining toʻxtatib turilishiga sabab boʻladi”;
13) 16-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Litsenziyaning amal qilishini tugatish advokatga guvohnoma bergan adliya organining qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
advokat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etganda, agar ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) buni talab qilsa, ilgari qabul qilingan topshiriqni bajarib boʻlganidan soʻng;
agar litsenziya berish uchun qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran uch oy ichida talabgor litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni adliya organiga taqdim etmagan boʻlsa;
ushbu Qonun 31-moddasining yettinchi qismida va 131-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan talablar bajarilmaganda;
advokatning muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sudning advokatni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
advokat Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda;
advokat vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish maʼmuriy sud tomonidan Oliy malaka komissiyasining xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining murojaatiga koʻra quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
advokat kasbiga doir vazifalarini olti oy mobaynida uzrsiz sabablarga koʻra bajarmaganda;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda;
litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorning gʻayriqonuniy ekanligi aniqlanganda;
litsenziyasining amal qilishi toʻxtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishiga olib kelgan holatlarni sud tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etmaganda;
advokat tomonidan advokatura toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzilganda, advokatning shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan hamda advokaturaning obroʻsini tushiradigan qilmish sodir etilganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda ham maʼmuriy sud tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran amalga oshiriladi.
Adliya organining litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish advokat maqomining tugatilishiga sabab boʻladi.
Adliya organi uch kunlik muddatda Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasini advokatning maqomi tugatilganligi haqida xabardor qiladi, shuningdek tegishli xabarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi. Advokat maqomining tugatilishi advokatning Advokatlar palatasiga aʼzoligi tugatilishiga sabab boʻladi.
Ushbu modda ikkinchi qismining beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra litsenziyasining amal qilishi tugatilgan shaxs uch yil mobaynida talabgor boʻlishga haqli emas”.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan 713-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 4-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 6, 260-modda; 2007-yil, № 1, 3-modda, № 4, 156-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 12, 470-modda; 2011-yil, № 12/2, 365-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 27-moddaning birinchi qismidagi va 28-moddaning matnidagi “mazkur fuqarolarga, ularning oila aʼzolariga, shuningdek ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga” degan soʻzlar “mulkdorlarga” degan soʻz bilan almashtirilsin;
2) 32-moddaning oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xususiylashtirilgan kvartirani yoki uyni sotish, ayirboshlash, hadya qilish yoki ijaraga, arendaga berish kvartira yoki uy mulkdorining voyaga yetgan oila aʼzolarining va kvartirani yoki uyni xususiylashtirish uchun rozilik bergan shaxslarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxsning turar joydan foydalanish huquqi uning vafotidan keyin ochiladigan meros tarkibiga kirmaydi. Xususiylashtirilgan uy-joy mulkdorining voyaga yetmagan oila aʼzolari manfaatlarini ularning ota-onasi, ular boʻlmagan taqdirda esa vasiylik va homiylik organlari ifodalaydi”;
3) 86-moddaning:
uchinchi qismi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi va beshinchi qismlari tegishincha uchinchi va toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
8-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasining 1-bandi, 2-moddasi, 3-moddasining 2 — 29-bandlari, 5-moddasining 2 va 3-bandlari 2019-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-oktabr,
OʻRQ-497-son
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: “71-modda. Advokat soʻrovi Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-497-son). neolex.uz/uz/laws/law-3977634/71 (lex.uz/docs/-3977632)