22-modda. Investitsiyalarni himoya qilish
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (719-I-son) · Sana: 24.12.1998 · Kuchini yo'qotgan
Davlat investitsiyalar himoya qilinishini kafolatlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasida investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari davlat mulkiga aylantirilmaydi.
Investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari rekvizitsiya qilinmaydi, tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiya hollari va boshqa favqulodda xususiyatga ega boʻlgan holatlar bundan mustasno.
Investitsiyalarni rekvizitsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror:
ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan hollardan kelib chiquvchi vazifalarni hal etish uchun zarur boʻlgan investitsiyalar yoki boshqa aktivlarning eng kam miqdori cheklanadigan;
kamsitilmaydigan asosda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan;
yetkazilgan zararga monand ravishda kompensatsiya toʻlanadigan rekvizitsiya boʻyicha talablarga rioya etilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Davlat koʻrsatib oʻtilgan kompensatsiya toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilishiga kafil boʻladi.
Investor Investitsiyalarni rekvizitsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan sud tartibida nizolashishga haqli.
Investitsiyalar sugʻurta qilinishi mumkin, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa sugʻurta qilinishi shart.
