6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oʻsimliklar karantini sohasidagi vakolatlari
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
oʻsimliklar karantini sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
oʻsimliklar karantini sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining oʻsimliklar karantini sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
oʻsimliklar karantini sohasidagi hujjatlarni, xususan, karantin ruxsatnomasini, transport birliklarini ochish toʻgʻrisidagi dalolatnomani, karantin koʻrigi dalolatnomasini, fitosanitariya sertifikatini, ichki fitosanitariya sertifikatini va reeksport uchun fitosanitariya sertifikatini berish Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilaydi;
oʻsimliklar karantini sohasida monitoringni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
fitosanitariyaga oid xavf tahlilini oʻtkazish, zararli organizmlardan xoli zonalar va zararli organizmlar soni kam boʻlgan zonalarni eʼlon qilish hamda bunday zonalar maqomini bekor qilish tartibini belgilaydi;
Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlarini oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qiladi hamda zarur karantin cheklovlarini oʻrnatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
