3-modda. Asosiy tushunchalar
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
zararli organizm — oʻsimliklarning, hayvonlarning yoxud kasallik qoʻzgʻatuvchi agentlarning oʻsimliklarga yoki oʻsimlik mahsulotlariga zarar yetkazuvchi har qanday turi, xili yoki biotipi;
karantin ostidagi mahsulot — oʻsimliklar karantini obyektlarini tashuvchilar boʻlishi mumkin boʻlgan oʻsimliklar, ularning qismlari, ekish materiallari, qayta ishlash mahsuloti, boshqa mahsulot va yuklar;
karantin ruxsatnomasi — karantin ostidagi mahsulotni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga yoki uning hududidan tranzit tarzida olib oʻtishga ruxsat berilganligini tasdiqlaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan berilgan hujjat;
karantin cheklovlari — karantin ostidagi mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishni, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishni, tashishni va undan foydalanishni oʻsimliklar karantini obyektlari tarqalishining oldini olish maqsadida muayyan muddatga cheklovchi fitosanitariya tadbirlari;
fitosanitariya sertifikati — karantin ostidagi mahsulotda oʻsimliklar karantini obyektlari mavjud emasligini tasdiqlovchi xalqaro namunadagi hujjat;
fitosanitariya choralari — oʻsimliklar karantini obyektlari kirib kelishining yoki tarqalishining oldini olishga yoxud tartibga solinadigan, karantin ostida boʻlmagan zararli organizmlarning iqtisodiyotga taʼsir koʻrsatishini cheklashga qaratilgan tartib-taomillar (koʻzdan kechirish, tahlil qilish, nazorat qilish, kurashish, taqiq qoʻyish va boshqalar);
fitosanitariyaga oid xavfni tahlil qilish — oʻsimliklar karantini obyektlarini aniqlash va ular boʻyicha mutanosib fitosanitariya choralarini qabul qilish maqsadida biologik, ilmiy va iqtisodiy maʼlumotlarni baholash jarayoni;
fumigatsiya — oʻsimliklar karantini obyektlarini va boshqa zararli organizmlarni yoʻq qilish maqsadida ularni kimyoviy vositalarning gazlari bilan zararsizlantirish;
oʻsimliklar karantini — qishloq xoʻjaligiga va boshqa oʻsimliklar dunyosiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan oʻsimliklar karantini obyektlari kirib kelishining, tarqalishining oldini olishga hamda bunday obyektlarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar majmui;
