21-modda. Karantin oʻrnatish va uni bekor qilish tartibi
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Oʻsimliklar karantini obyektlari aniqlangan hollarda tuman (shahar) oʻsimliklar karantini davlat inspektorining taqdimnomasiga koʻra mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari bilan fermer va dehqon xoʻjaliklarining, oʻrmon xoʻjaliklarining hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalari, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portlari, shaharchalar, posyolkalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek ularga tutash hududlar oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilinadi yoki ularda zarur karantin cheklovlari oʻrnatiladi.
Tumanlar va shaharlarni oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilish yoki karantin cheklovlarini oʻrnatish tegishli oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorlarining taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining hududlarini oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilish yoki karantin cheklovini oʻrnatish Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.
Oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilingan hududda oʻsimliklar karantini oʻchogʻining tarqalishiga yoʻl qoʻyilmaydi, unga tutash hududlarda oʻsimliklar karantini obyektlari tarqalishining oldini olishga va ularni yoʻq qilishga qaratilgan oʻsimliklar karantiniga doir tadbirlar oʻtkaziladi.
Karantin ostidagi mahsulotni karantin cheklovlari oʻrnatilgan hududlardan olib chiqish va ulardan foydalanish shartlari oʻsimliklar karantini qoidalari va fitosanitariya talablari asosida amalga oshiriladi, bundan zararlangan mahsulot mustasno.
Zararlangan mahsulotdan foydalanish shartlari oʻsimliklar karantini qoidalariga muvofiq oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan belgilanadi.
Hududda oʻrnatilgan karantin cheklovlari oʻsimliklar karantini boʻyicha zarur tadbirlar oʻtkazilganidan va oʻsimliklar karantini obyektlari toʻliq yoʻq qilinganidan keyin, tegishli oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorlarining taqdimnomalariga koʻra cheklovlar oʻrnatgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan bekor qilinadi.
