“223-modda. Pasport tizimi qoidalarini buzish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (772-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Pasporti boʻlishi shart boʻlgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy boʻlmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yoʻqolishi —
eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Fuqarolarning yoʻqolganligi toʻgʻrisida oʻzlari ariza bergan oʻz pasportlaridan, shuningdek boshqa fuqarolarga tegishli pasportlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanishi —
eng kam ish haqining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun masʼul boʻlgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki haqiqiy boʻlmagan pasport bilan yoxud vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashiga yoʻl qoʻyishi, xuddi shuningdek fuqarolarning oʻz turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz shaxslar yashab turishiga yoʻl qoʻyishi —
eng kam ish haqining uch baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Pasportsiz yoki haqiqiy boʻlmagan pasport bilan, xuddi shuningdek vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilish, shuningdek fuqarolardan pasportlarini qonunga xilof ravishda olib qoʻyish yoki ularning pasportlarini garovga olish —
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
