“2-modda. Asosiy tushunchalar
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (772-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi tushunchalar qoʻllanilmoqda:
dori vositalari — kelib chiqishi tabiiy va sunʼiy boʻlgan bir yoki bir necha dori moddalari (substansiyalari) hamda yordamchi moddalar asosida hosil qilingan, kasallikning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash uchun qoʻllashga ruxsat etilgan vositalar. Ular jumlasiga immunobiologik, radiofarmatsevtik va parafarmatsevtik preparatlar, gomeopatik, tashxis qoʻyish va sterilizatsiya vositalari kiradi;
dori preparatlari — dozalangan, idishga joylangan-oʻralgan, qoʻllashga tayyor dori vositalari;
dori moddalari (substansiyalari) — kelib chiqishi tabiiy va sunʼiy boʻlgan, qoʻllashga ruxsat etilgan biologik faol moddalar;
farmakologik vositalar — belgilangan farmakologik faollikka ega boʻlib, klinik sinov obyektlari hisoblanadigan muayyan dorivor shaklidagi moddalar yoki moddalar aralashmasi;
farmakopeya — dori vositalari sifatini, ularni tayyorlash, sifat-miqdor jihatidan nazorat qilishni, saqlash shart-sharoitlarini va nomlanishini belgilaydigan davlat standartlari toʻplami;
farmakopeya maqolasi — dori vositasi uchun farmakopeya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan normativ-texnik hujjat;
farmakopeya qoʻmitasi — dori vositalari, tibbiy buyumlar sifatiga va ularni nazorat qilish usullariga nisbatan qoʻyiladigan talablarni belgilaydigan normativ-texnik hujjatlarni tasdiqlovchi rasmiy ekspert organi;
roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasi — dori vositalarini tibbiy qoʻllanish huquqi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ruxsatini tasdiqlovchi hujjat;
dori vositalarining, tibbiy buyumlarning davlat reyestri — rasmiy hujjat boʻlib, u tibbiyot amaliyotida qoʻllashga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar roʻyxatidan iborat;
generik dori vositalari (generiklar) — patent berilganlaridan qolishmaydigan, lekin boshqa ishlab chiqaruvchi tomonidan tayyorlangan dori preparatlari;
gomeopatik vositalar — gomeopatik qoidalarga binoan qoʻllaniladigan va davlat reyestrining maxsus boʻlimiga kiritilgan dorilar;
farmatsevtik faoliyat — dori vositalarini, tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha izlanishlarni, tadqiqotlarni, shuningdek ularni ishlab chiqarish, tayyorlash, sifatini nazorat qilish, standartlash, roʻyxatdan oʻtkazish, saqlash, axborot berish, yetkazib berish va realizatsiya qilishni qamrab oladigan faoliyat;
