37-modda. Daraxtzorlar va butazorlarni kesish
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-475-son) · Sana: 16.04.2018 · Amalda
Binolarni, inshootlarni va kommunikatsiyalarni qurish chogʻida davlat oʻrmon fondi uchastkalaridagi daraxtzorlar va butazorlarni ishlab chiqarish-texnik zaruratdan kelib chiqmagan holda kesish taqiqlanadi.
Daraxtzorlar va butazorlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda, oʻrmon kesish (oʻrmon) chiptalari asosida va faqat oʻrmonlarni albatta qayta tiklash sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
Daraxtzorlar va butazorlarni kesish oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalariga qarab, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Oʻrmonni parvarish qilish uchun kesish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻrmonlarning temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari yoqalab oʻtgan ihota mintaqalarida, choʻl va chala choʻl zonalarining oʻrmonlarida oʻrmonning holatini yaxshilash maqsadida parvarish qilish uchun kesishga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalarida, oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvuldiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlarda, shahar oʻrmonlari va oʻrmon-bogʻlarida, shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining koʻkalamzorlashtirilgan zonalari atrofidagi oʻrmonlarda, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlarda, alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmonlarda, yongʻoqchilik zonalaridagi oʻrmonlarda, oʻrmonlarning mevali daraxtzorlarida, tabiat bogʻlarining oʻrmonlarida (ularning qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalari bundan mustasno), kurort tabiiy hududlarning oʻrmonlarida, davlat biosfera rezervatlarining oʻrmonlarida (ularning qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalari bundan mustasno), ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻrmonlarda oʻrmon kesish (oʻrmon) chiptasi boʻyicha faqat oraliq foydalanishdagi kesishga (oʻrmon parvarishi va sanitariya maqsadida kesishga) yoʻl qoʻyiladi.
Barcha qoʻriqlanish toifalaridagi oʻrmonlarda yongʻinga qarshi oraliq joy hosil qilish bilan bogʻliq kesishlarga yoʻl qoʻyilishi mumkin, bundan davlat qoʻriqxonalarining, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining oʻrmonlari, tabiat bogʻlarining, davlat biosfera rezervatlarining qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalaridagi oʻrmonlari mustasno.
