15-modda. Avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida (653-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan ushbu Qonunda va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida belgilab qoʻyilgan tartibda foydalaniladi. Korxonalarga qarashli avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibini tegishli korxonalar hamda mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari belgilaydi.
Transport vositalari avtomobil yoʻllarida amaldagi yoʻl harakati qoidalariga muvofiq yurmogʻi kerak.
Avtomobil yoʻllaridan oʻqiga tushadigan yuk va ogʻirligi belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlmagan transport vositalari, oʻziyurar mashinalar hamda mexanizmlarning yurishiga ruxsat etiladi.
Avtomobil yoʻllaridan oʻqiga tushadigan yuk va ogʻirligi belgilangan meʼyordan (shu jumladan mavsumlar boʻyicha) ortiq boʻlgan transport vositalarining oʻtishi uchun ularning egalaridan maxsus haq undiriladi. Yoʻldan foydalanishga ruxsat berilishi foydalanuvchilarni yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun ulardan undirilgan maxsus haqdan ortiq boʻlgan qismini toʻlashdan ozod qilmaydi.
Avtomobil yoʻllari chekkalarida ish olib borayotgan tashkilotlar ishlarni amalga oshirishning tartibi, muddatlari, sifatiga rioya qilinishi uchun, shuningdek transport vositalarining avtomobil yoʻllarida va aylanib oʻtish joylarida harakat xavfsizligini taʼminlash uchun toʻla javobgardirlar.
Mazkur tashkilotlar ish boshlashdan oldin tegishli yoʻl idoralaridan masʼul shaxslar, ishlarni bajarish texnologiyasi va muddatlari koʻrsatilgan order olishlari shart.
