13-modda. Yoʻl idoralari xodimlarining huquqlari
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida (653-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
Yoʻl idoralarining xodimlari xizmat guvohnomasini koʻrsatgan holda quyidagi huquqlarga ega:
yoʻl qismlarini buzayotgan yoki ifloslantirayotgan, yo boʻlmasa oʻqiga tushadigan ogʻirligi, yoxud oʻlchamlari ushbu avtomobil yoʻli uchun belgilab qoʻyilgandan ortiqcha boʻlgan transport vositalarini toʻxtatish va avtomobil yoʻlining qatnov qismidan chetga chiqarib qoʻyishni talab qilish, shuningdek aniqlangan qoidabuzarliklar haqida protokollar rasmiylashtirish (mazkur protokollar zarur choralar koʻrish uchun Davlat avtomobil inspeksiyasi idoralariga va transport vositalarining egalariga, transport vositalari yoʻlni yoki yoʻl inshootlarini shikastlantirgan taqdirda esa — keltirilgan zararning oʻrnini qoplash uchun sudlarga yoki hakamlik sudi idoralariga yuboriladi);
oʻzlari xizmat qilayotgan yoʻl boʻlimlari chegarasida umumiy foydalanishdagi reysli (marshrutli) avtobuslarda ular ketayotgan yoʻnalishda bepul yurish.
Bepul qatnashga ruxsat beriladigan yoʻl idoralari xodimlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl idoralari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
Yuk avtomobillarining haydovchilari (harbiy yuklar, pochta tashuvchi, inkassator avtomobillari va boshqa maxsus avtomobillardan tashqari) yoʻl-yoʻlakay yoʻl idoralarining xodimlarini, agar xizmat guvohnomasini koʻrsatgan taqdirda va oʻzlari xizmat koʻrsatadigan yoʻl boʻlimida xizmat burchlarini bajarish uchun ketayotgan boʻlsalar, bepul olib borib qoʻyishlari, shuningdek ularning talabi bilan yoʻlning qatnov qismidan chetga chiqarib qoʻyish kerak boʻlgan buzilgan transport vositalarini shatakka olishlari shart.
