12-modda. Avtomobil yoʻllarini saqlash va taʼmirlash
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida (653-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini yoʻl idoralari saqlab turadilar va taʼmirlaydilar.
Sanoat, qurilish va boshqa korxonalar hamda xoʻjalik tashkilotlari oʻzlariga qarashli kirib keluvchi avtomobil yoʻllarini oʻz mablagʻlari hisobiga saqlab turadilar hamda taʼmirlaydilar.
Korxonalarga qarashli boʻlib, umumiy foydalanish uchun ochiq boʻlgan avtomobil yoʻllarini saqlash xarajatlarini shu yoʻllardan doimiy foydalanuvchi yuridik shaxslar ulush qoʻshish asosida amalga oshiradilar.
Yoʻl-transport inshootlarini (temir yoʻllarni kesib oʻtish joylarini, osma koʻpriklarni, parom kechuvlarini, tramvay yoʻllarini va hokazolarni) ana shu inshootlar egalari boʻlgan tashkilotlar saqlab turadilar va taʼmirlaydilar. Bunday inshootlarni saqlab turish va taʼmirlash tartibi tegishli yoʻl idoralari bilan kelishib olinadi.
Avtomobil yoʻllarini qurish, saqlash, taʼmirlash va qaytadan qurish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilangan ekologiya meʼyorlarini albatta hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
