63-modda. Tender ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Maxsus axborot portalida eʼlon qilingan tender ishtirokchilarining takliflari eʼlonda belgilangan tartibda, tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan manzil boʻyicha muhrlangan konvertlarda taqdim etiladi.
Taklifda davlat xaridi obyekti boʻlgan tovarning eskizi, rasmi, chizmasi, fotosurati va boshqa tasviri, nusxasi, namunasi boʻlishi mumkin.
Tender ishtirokchisi taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning haqiqiyligi va toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.
Tender ishtirokchisi faqat bitta taklif berishga haqli.
Tenderga takliflarni qabul qilish maxsus axborot portalida chop etilgan eʼlonda koʻrsatilgan muddat kelishi bilan tugatiladi.
Agar takliflar berish muddati tugagan vaqtda xarid komissiyasi tender ishtirokchilaridan tender hujjatlarida koʻrsatilgan talablarga mos keladigan kamida ikkita taklif olgan boʻlsa, tender oʻtkazilgan deb topiladi.
Tenderda bitta ishtirokchi ishtirok etgan yoki bironta ishtirokchi ishtirok etmagan taqdirda tender oʻtkazilmagan deb topiladi. Bunday holatda davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilini ayni oʻsha shartlarda hamda tovarga (ishga, xizmatga) doir ayni oʻsha mezonlarga va talablarga muvofiq takroran amalga oshirishi shart. Tovarga (ishga, xizmatga) nisbatan baholash shartlari, mezonlari va talablarni oʻzgartirish zarurati paydo boʻlganda xarid komissiyasi asoslarni keltirgan holda tegishli qarorni qabul qiladi.
Tender ishtirokchisi bunday takliflarni berish muddati tugaguniga qadar berilgan taklifni qaytarib olishga yoki unga oʻzgartishlar kiritishga haqli.
