62-modda. Tender hujjatlari
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Tender hujjatlari maxsus axborot portaliga tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon bilan bir vaqtda davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladi.
Tender hujjatlarida quyidagilar boʻlishi kerak:
tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan axborot;
shartnoma bahosini va ijrochilar bilan hisob-kitoblarni shakllantirish uchun foydalaniladigan valyuta hamda toʻlov tartibi haqidagi axborot;
tenderda ishtirok etish uchun taklif qaysi tilda taqdim etilishi kerakligi boʻyicha talab;
tender ishtirokchisi taklifining texnik va narxga oid qismi, ularni baholash tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
tender ishtirokchilariga tender hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, taqdim etish muddati boshlanadigan va tugaydigan sana;
texnik topshiriq;
ushbu Qonunga muvofiq tender ishtirokchilarining takliflarini baholash mezonlari va koʻrib chiqish tartibi.
Tender hujjatlarida davlat buyurtmachisi har bir tovar (ish, xizmat) xarid qilish tartib-taomilining alohida birligi sifatida koʻrib chiqilishini eʼlon qilishi mumkin. Bunday holda davlat buyurtmachisi turli tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun tenderning bir nechta ishtirokchisi bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bunda har bir tovar (ish, xizmat) uchun faqat bitta gʻolib aniqlanishi mumkin. Har bir tovar (ish, xizmat) uchun gʻolib xarid qilish tartib-taomili shartlariga koʻra alohida-alohida aniqlanadi.
Tender hujjatlariga uning ajralmas qismi boʻlgan shartnoma loyihasi ilova qilinadi.
Davlat buyurtmachisi tenderda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida uch kun oldin tender hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli. Tovarni (ishni, xizmatni) oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda ushbu tenderda takliflar berish tugaydigan muddat tender hujjatlariga oʻzgartishlar kiritilgan sanadan eʼtiboran kamida oʻn kunga uzaytirilishi kerak. Shu bilan bir vaqtda, agar eʼlonda koʻrsatilgan axborot oʻzgartirilgan boʻlsa, tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonga oʻzgartishlar kiritiladi.
Tender ishtirokchisi tender oʻtkazish uchun eʼlonda belgilangan shaklda davlat buyurtmachisiga tender hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlar berish toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli. Mazkur soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki ish kuni ichida davlat buyurtmachisi, agar mazkur soʻrov davlat buyurtmachisiga takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida ikki kun oldin kelib tushgan boʻlsa, tender hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni belgilangan shaklda yuborishi shart. Tender hujjatlarining qoidalariga doir tushuntirishlar ularning mazmun-mohiyatini oʻzgartirmasligi kerak.
