40-modda. Davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Davlat xaridlari jarayonida quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
ishtirokchilarni kamsitishga, boshqa ishtirokchilarga zarar yetkazgan holda bir ishtirokchiga imtiyozlar yoki preferensiyalar berishga;
manfaatlar toʻqnashuviga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlashga, davlat xaridlari subyektlariga taʼsir oʻtkazishga, davlat xaridlarida ishtirokchilarning ishtirok etishi toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishga, ularning sonini asossiz ravishda cheklashga yoki ularning malakasiga qoʻyilgan talablarni oshirishga, raqobatga yoʻl qoʻymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;
narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib koʻrsatish maqsadida ishtirokchilarning oldindan til biriktirishiga;
ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilgan axborotni taqdim etish yoki tarqatishga, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanishni asossiz ravishda cheklashga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab oʻtish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga boʻlib tashlashga;
ishtirokchilarning sunʼiy tarzda pasaytirilgan narxlar boʻyicha takliflar berishiga, keyinchalik shartnomani imzolashni yoki uni tegishli tarzda ijro etishni rad etishiga;
davlat xaridi tarkibiga texnologik va funksional jihatdan oʻzaro bir-biri bilan bogʻliq boʻlmagan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritishga;
firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiyaning namoyon boʻlishiga;
moliyalashtirish manbalari va hajmlari mavjudligi toʻgʻrisida tasdiqlarga ega boʻlmagan yoki ajratilgan mablagʻlar hajmidan ortiq miqdordagi davlat xaridlarini amalga oshirishga.
