39-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Davlat buyurtmachisining, maxsus axborot portali operatorining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari, shuningdek xarid komissiyasining aʼzolari xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda oʻz ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi boʻlishi mumkin boʻlgan istalgan shaxsiy nafni bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar:
shaxsiy manfaatdor emasligini, shuningdek oʻz oila aʼzolarining manfaatdor emasligini kafolatlashi kerak, aks holda shaxsiy manfaatdorlik hamda boshqa ishtirokchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida ziddiyat yuzaga keladi yoki kelishi mumkin;
manfaatlarning istalgan potensial, taxmin qilinayotgan yoki mavjud toʻqnashuvi haqidagi axborotning oshkor etilishini kafolatlashi kerak.
Mavjud yoki taxmin qilinayotgan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar topgan, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar bu haqda bevosita rahbarga xabar qilib, bir vaqtning oʻzida vakolatli organni xabardor etishi shart. Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan rahbar uning oldini olish yoki uni bartaraf etish boʻyicha oʻz vaqtida choralar koʻrishi shart.
