20-modda. Maxsus axborot portali operatori
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Maxsus axborot portali operatori:
maxsus axborot portalining uzluksiz ishlashini, unga joylashtirilgan axborotning but saqlanishini va bir butunligini, mazkur portalning tegishli davlat boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari va axborot tizimlari bilan belgilangan tartibda uygʻun ishlashini taʼminlaydi;
qonunchilikka muvofiq axborotning elektron shaklda saqlanishini, shu jumladan elektron hujjatlar va elektron xabarlar saqlanishini taʼminlaydi;
maxsus axborot portalida davlat boshqaruvi organlari oʻrtasida axborot almashinuvini tashkil etadi;
maxsus axborot portalini Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi apparat-texnika vositalariga joylashtiradi;
vakolatli organ, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzinjiniring” respublika loyihalashtirish instituti bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus axborot portali operatori qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
Maxsus axborot portali operatori:
ishtirokchi, ijrochi sifatida davlat xaridlarida ishtirok etishga, ularning affillangan shaxsi boʻlishga;
davlat xaridlarini amalga oshirish va narx belgilash jarayoniga aralashishga, kontragentlarni tanlashda va shartnomalar tuzishda davlat xaridlari subyektlarining erkinligini cheklashga, shuningdek davlat xaridlari subyektlarining huquqlarini boshqacha tarzda cheklashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
oʻtkazib beriladigan, olinadigan va saqlanadigan elektron hujjatlar hamda elektron xabarlarning ishonchliligini, shuningdek agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ularning qonunchilikka muvofiqligini nazorat qilishga yoki tekshirishga;
davlat xaridlari subyektlari tomonidan joylashtiriladigan elektron hujjatlar va elektron xabarlarning mazmunini oʻzgartirishga haqli emas.
Maxsus axborot portali operatori davlat xaridlari subyektlarining ushbu operatorga beriladigan elektron hujjatlari va elektron xabarlarining, shu jumladan boʻlajak davlat xaridlari toʻgʻrisida maxsus axborot portalida joylashtiriladigan axborotning mazmuni bilan bogʻliq huquqiy oqibatlar uchun javobgar boʻlmaydi.
