19-modda. Xarid komissiyasi
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Xarid komissiyasi xarid qilish tartib-taomillari gʻolibini tanlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan kollegial organdir.
Xarid komissiyasi ishining asosiy maqsadi ishtirokchilarning takliflarini buyurtmaga muvofiqlik darajasi boʻyicha xolis baholashdan va tartibga solishdan hamda davlat xaridlari raqobatlashuv usullari orqali amalga oshirilganda gʻolibni (gʻoliblarni) tanlashdan iborat.
Xarid komissiyasi davlat buyurtmachisi huzurida doimiy faoliyat koʻrsatadigan, davlat buyurtmachisining tegishli qarorlari bilan shakllantiriladigan va tarqatib yuboriladigan organdir.
Xarid komissiyasi toq sonli aʼzolardan iborat boʻladi, uning aʼzolari tarkibi va soni xarid qilish tartib-taomilining turiga bogʻliq boʻladi hamda olinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) xususiyatlari inobatga olingan holda oʻzgartirilishi mumkin.
Xarid komissiyasi aʼzolari xolis boʻlishi va xarid qilish tartib-taomili gʻolibini tanlashdan shaxsan manfaatdor boʻlmasligi kerak.
Xarid komissiyasining ishiga rais rahbarlik qiladi, u xarid komissiyasi majlislarini chaqiradi va olib boradi, ovozga qoʻyishni va xarid komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni eʼlon qiladi, shuningdek xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalarini imzolaydi. Xarid komissiyasi raisi yoʻqligida uning vazifalarini oʻrinbosari bajaradi.
Xarid komissiyasining tezkor faoliyatini uning masʼul kotibi tashkil etadi.
Xarid komissiyasining har bir aʼzosi ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki unda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin. Xarid komissiyasining raisi ovoz berishda ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega emas.
Xarid komissiyasining majlislari yuzma-yuz yoki sirtdan (soʻrov orqali, barchaning ishtirokisiz) oʻtkazilishi mumkin. Yuzma-yuz majlislar konferensiyalar (videokonferensiyalar va hokazo) shaklida oʻtkazilishi mumkin.
Majlis oʻtkazilgan sanada bir davlat xaridi boʻyicha qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan kam miqdordagi tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi boʻyicha xarid komissiyasining qarorlari xarid komissiyasining sirtdan oʻtkaziladigan majlisida, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan ortiq miqdordagi davlat xaridi boʻyicha xarid komissiyasining qarorlari esa xarid komissiyasining faqat yuzma-yuz majlisida qabul qilinishi mumkin.
Qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan ortiq miqdordagi davlat xaridlari oʻtkazilganda xarid komissiyasi tarkibiga davlat buyurtmachisining vakillaridan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzinjiniring” respublika loyihalashtirish institutining vakillari kiritiladi.
