17-modda. Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Qonunchilikda belgilangan tartibda xarid qilish tartib-taomilida davlat xaridlarini ijro etish uchun talabgorlar sifatida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi (bundan buyon matnda ishtirokchi deb yuritiladi) boʻlishi mumkin.
Ishtirokchi:
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan qonunchilikda nazarda tutilgan hajmda foydalanish;
muayyan davlat xaridlari tartib-taomillari, ularni oʻtkazish talablari va shartlari boʻyicha soʻrovlar berish va tushuntirishlar olish;
xarid komissiyasi tomonidan takliflar ochilayotganda belgilangan tartibda ishtirok etish;
xarid qilish tartib-taomillari buzilgan taqdirda davlat xaridlari natijalari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
davlat xaridlari tartib-taomillarida koʻrsatilgan hollarda qonunchilikka muvofiq takliflarga oʻzgartishlar kiritish yoki ularni qaytarib olish huquqiga ega.
Ishtirokchi:
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi hujjatlar talablariga muvofiq boʻlgan takliflar va hujjatlarni taqdim etishi hamda taqdim etilgan axborotning ishonchliligi uchun javobgar boʻlishi;
gʻolib deb topilgan taqdirda davlat buyurtmachisi bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda shartnoma tuzishi shart.
Ishtirokchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
