16-modda. Davlat buyurtmachilari
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Ushbu Qonun maqsadlari uchun davlat buyurtmachilari deganda quyidagilar tushuniladi:
1) budjet buyurtmachilari:
davlat organlari;
budjet tashkilotlari;
xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan budjet mablagʻlarini oluvchilar;
davlat maqsadli jamgʻarmalari;
2) korporativ buyurtmachilar:
davlat korxonalari;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar;
ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar.
Davlat buyurtmachisi:
mustaqil ravishda yoki ixtisoslashgan tashkilotni jalb etgan holda tovarning (ishning, xizmatning) boshlangʻich narxini belgilash, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;
davlat xaridlarini amalga oshirishda oʻz rasmiy veb-saytiga yoki oʻzining yuqori turuvchi organi rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga eʼlon joylashtirish;
xarid qilish tartib-taomillarining barcha ishtirokchilariga tatbiq etiladigan takliflarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari takliflarining amal qilish muddatini muayyan davrga uzaytirish toʻgʻrisidagi taklif bilan ularga murojaat qilish;
ikkinchi bosqich yakunlari boʻyicha tender tarzida xarid qilish tartib-taomilini oʻtkazishda gʻolib bilan narxni pasaytirish toʻgʻrisida muzokaralarga kirishish huquqiga ega.
Davlat buyurtmachisi qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Davlat buyurtmachisi:
ushbu Qonunga muvofiq xarid qilish tartib-taomili turini tanlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi;
qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xaridlarini amalga oshirishi;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda maxsus axborot portaliga joylashtirishi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) va davlat xaridlarining tartib-taomillari bilan bogʻliq soʻrovlari boʻyicha ularga qonunchilikka muvofiq tushuntirishlar berishi;
xarid qilish tartib-taomillarining gʻolib deb topilgan ishtirokchilari bilan shartnomalar tuzishi, shuningdek ularning ijro etilishini taʼminlashi;
