“494-modda. Jazoni kuchaytirish va ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllash
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida (O‘RQ-463-son) · Sana: 29.01.2018 · Amalda
Sud jinoyat ishini apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqish chogʻida jazoni kuchaytirishga, xuddi shuningdek ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllashga haqli.
Apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllashga yoxud jazoni kuchaytirishga ana shu asoslar boʻyicha jabrlanuvchi tomonidan shikoyat berilgan yoki prokuror tomonidan protest bildirilgan hollardagina haqlidir.
Sud jinoyat ishini nazorat tartibida qoʻrib chiqish chogʻida jazoni kuchaytirishga, xuddi shuningdek ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllashga haqli emas.
Ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllash zarurati tufayli yoki jazoning yengilligi uchun apellatsiya yoxud kassatsiya instansiyasi sudining ajrimini nazorat tartibida bekor qilish va ishni yangidan apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqish uchun yuborish faqat shu asoslar boʻyicha jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilgan yoki prokuror tomonidan protest keltirilgan hollardagina mumkin.
Oqlov hukmi yuqori sud tomonidan faqat prokurorning apellatsiya yoki kassatsiya protesti, jabrlanuvchining yoki uning vakilining shikoyati yoxud oqlangan shaxsning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati, shuningdek jabrlanuvchining yoxud uning vakilining, oqlangan shaxsning shikoyati yoki nazorat tartibida berilgan protest boʻyicha bekor qilinishi mumkin.
