32421-modda. Ishni nazorat tartibida koʻrib chiqish muddatlari va tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida (O‘RQ-463-son) · Sana: 29.01.2018 · Amalda
Ish nazorat shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida sudning ajrimi chiqarilgan yoki protest Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining kotibiyatiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay nazorat tartibida koʻriladi.
Ish nazorat tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatida, nazorat shikoyatini bergan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar va (yoki) ularning vakillari ishtirok etishi mumkin boʻlgan sud majlisida nazorat tartibida koʻriladi.
Ish nazorat tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining maʼruzasi boʻyicha koʻriladi, sudya ish holatlarini, ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlarining mazmunini, nazorat shikoyatida (protestida) keltirilgan vajlarni bayon etadi.
Sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish boʻyicha tushuntirishlar berishga haqli. Nazorat shikoyatini bergan shaxs birinchi boʻlib tushuntirish beradi, agar ish prokurorning protesti boʻyicha koʻrilayotgan boʻlsa, birinchi boʻlib prokuror soʻzga chiqadi.
Ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan nazorat tartibida koʻrilayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari ishtirok etib, ish boʻyicha oʻz fikrini bayon qiladi.
Ish nazorat tartibida koʻrilayotganda barcha masalalar ishni koʻrib chiqishda ishtirok etayotgan sudyalarning koʻpchilik ovozi bilan hal qilinadi.
Ishni nazorat tartibida koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Qarorning koʻchirma nusxalari nazorat shikoyatini (protestini) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 3248-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
