32413-modda. Nazorat shikoyatining (protestining) mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida (O‘RQ-463-son) · Sana: 29.01.2018 · Amalda
Nazorat shikoyatida (protestida) quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) nazorat shikoyati (protesti) berilayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning turgan joyi (pochta manzili) yoki yashash joyi va ishdagi protsessual holati;
3) ishni birinchi, kassatsiya instansiyasi boʻyicha koʻrgan maʼmuriy sudlar va ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning mazmuni;
4) ustidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) sud hujjati;
5) sud hujjatini nazorat tartibida qayta koʻrish uchun asoslar bunday asoslarning mavjudligi toʻgʻrisida guvohlik beruvchi vajlarni keltirgan holda;
6) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosi.
Nazorat shikoyati shikoyat berayotgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak. Vakil tomonidan berilgan shikoyatga ishonchnoma yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinadi. Protest Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va ularning oʻrinbosarlari tomonidan imzolanadi.
Nazorat shikoyatiga (protestiga) ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlarining koʻchirma nusxalari va shikoyatning (protestning) koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalil ilova qilinadi.
