“4-modda. Davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-459-son) · Sana: 09.01.2018 · Amalda
Davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat soliq siyosatini amalga oshirish hamda soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlarning toʻgʻri hisoblab chiqarilishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan nazoratni taʼminlash;
soliqlarning soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻliq hamda oʻz vaqtida tushishini taʼminlash;
soliq toʻlovchilarni va soliq solish obyektlari oʻz vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini taʼminlash, ularning toʻliq qamrab olinish mexanizmlarini soliq maʼmuriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilgʻor avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish orqali takomillashtirish;
soliq solinadigan bazani kengaytirish boʻyicha tahlil qilish va taʼsirchan choralar ishlab chiqish, shu jumladan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning oʻzgarishi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali taʼsirchan choralar ishlab chiqish, soliqlar yigʻilishini oshirish boʻyicha choralarni amalga oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish, soliqlarga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha kompleks tadbirlarni bajarish;
pul mablagʻlarining gʻayriqonuniy aylanishi manbalariga barham berish, aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul tushumining toʻliq va oʻz vaqtida topshirilishi ustidan muntazam nazoratni taʼminlash;
soliq toʻlovchilar bilan ishlashni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan soliq toʻlovchilarga muloqotsiz elektron xizmat koʻrsatishga oʻtish yoʻli bilan amalga oshirish;
soliq toʻlovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda har tomonlama koʻmaklashish;
soliqlarning ixtiyoriy ravishda toʻlanishini taʼminlashga qaratilgan, soliq toʻlovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish boʻyicha ishlarni takomillashtirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar, yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyatini ragʻbatlantirishga, ularga zarur imtiyozlar va preferensiyalar berishga doir qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish;
