“111-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-459-son) · Sana: 09.01.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi:
oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
oʻsimliklarning tashqi va ichki karantini boʻyicha davlat tadbirlari tizimini amalga oshiradi;
oʻsimlik dunyosida karantindagi zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir chora-tadbirlarni belgilaydi va ularning amalga oshirilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
oʻsimlik dunyosida karantindagi zararli organizmlar tarqalishining oldini olish maqsadida kuzatuvlarni amalga oshiradi;
oʻsimliklar karantini obyektlariga qarshi kurashishning samarali va ilgʻor usullari amalga oshirilishini oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi vakolatli organlar bilan birgalikda taʼminlaydi, ularning qoʻllanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
iqtisodiyot tarmoqlariga katta zarar yetkazishi mumkin boʻlgan karantindagi va boshqa xavfli zararkunandalarning, oʻsimliklar kasalliklarining va begona oʻtlarning xorijiy mamlakatlardan kirib kelishidan Oʻzbekiston Respublikasi hududini muhofaza qiladi;
kelib chiqishi oʻsimlikka mansub boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish va ulardan foydalanishda belgilangan qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi va oʻsimliklar karantinini joriy etadi;
oʻsimliklar karantini obyektlariga qarshi kurashish boʻyicha ixtisoslashtirilgan fumigatsiya boʻlinmalarini tuzadi, shaxsiy tomorqa, dehqon va fermer xoʻjaliklariga, oʻrmon xoʻjaliklariga, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga oʻsimliklar karantini obyektlariga qarshi kurashishda xizmatlar koʻrsatadi;
eksport qilinayotgan va xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan oʻsimliklar karantini ostidagi mahsulotlarni va oʻsimliklar karantini obyektlarini tashuvchilarni karantin tekshiruvidan hamda laboratoriya ekspertizasidan oʻtkazadi.
