5-modda. Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-444-son) · Sana: 08.09.2017 · Amalda
Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishni taʼminlovchi huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va texnikaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ushbu sohadagi ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish;
bolalar ongiga gʻayriqonuniy axborot-ruhiy taʼsir koʻrsatilishining, ularga hiyla ishlatilishining, bolalarni gʻayriijtimoiy harakatlarga undovchi axborot mahsuloti tarqatilishining oldini olish, shuningdek ushbu sohadagi huquqbuzarliklarni profilaktika qilish;
fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, jismoniy va yuridik shaxslarning bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotni tasniflash mezonlari, mexanizmlari va uslublarini ishlab chiqish hamda takomillashtirish, bolalarning axborot xavfsizligini taʼminlashning dasturiy-apparat va texnika vositalarini joriy etish.
