4-modda. Asosiy tushunchalar
Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-444-son) · Sana: 08.09.2017 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
axborot mahsuloti — Oʻzbekiston Respublikasi hududida aylanish uchun moʻljallangan ommaviy axborot vositalari mahsuloti, bosma mahsulot, har qanday turdagi tashuvchilardagi audiovizual mahsulot, dasturiy taʼminotdan foydalangan holda tarqatiladigan, telekommunikatsiya tarmoqlariga, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtiriladigan axborot, kompyuter oʻyinlari, shuningdek tomoshabop tadbirlar vositasida tarqatiladigan axborot;
axborot mahsulotining aylanishi — axborot mahsulotini taqdim etish va (yoki) tarqatish, shu jumladan uni sotish (shu jumladan obuna boʻyicha tarqatish), ijaraga, prokatga berish, axborot-kutubxona muassasalari fondlaridan tarqatish, berish, ommaviy namoyish qilish, ommaviy ijro etish (shu jumladan efir yoki kabel uzatuvi, tomoshabop tadbirlar vositasida), telekommunikatsiya tarmoqlariga, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtirish;
axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi — axborot mahsulotini uning mavzusini, janrini, mazmunini va badiiy bezagini, muayyan yosh toifasidagi bolalar tomonidan undagi axborotni qabul qilish xususiyatlarini, uning tarkibidagi axborotning bolalar sogʻligʻiga zarar yetkazish ehtimolini inobatga olgan holda, bolalarning yosh toifalari boʻyicha taqsimlash;
axborot mahsulotining yoshga oid toifasi belgisi — axborot mahsulotining yoshga oid toifasining grafik va (yoki) matnli belgisi;
bolalar — oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan (voyaga yetmagan) shaxslar;
bolalarning sogʻligʻi — bolalarning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy jihatdan sogʻlomlik holati;
bolalar sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborot — bolalar oʻrtasida tarqatilishi ushbu Qonunga muvofiq taqiqlangan yoki cheklangan axborot mahsuloti;
ekspert — axborot mahsulotini ekspertizadan oʻtkazish va ekspert xulosasini berish yoki axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini amalga oshirish uchun maxsus vakolatli davlat organida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxs.
