20-modda. Axborot mahsulotining ekspertizasi
Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-444-son) · Sana: 08.09.2017 · Amalda
Axborot mahsulotining unda bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborot mavjudligini yoki mavjud emasligini, uning ushbu Qonunning 16 va 17-moddalariga muvofiq bolalarning muayyan yosh toifasiga mosligini yoki mos emasligini aniqlash uchun ekspertizasi maxsus vakolatli davlat organining qaroriga koʻra ekspert yoki ekspertlar tomonidan oʻtkaziladi.
Akkreditatsiya qilingan ekspertlarning reyestridagi maʼlumotlardan manfaatdor shaxslarning foydalanishi maxsus vakolatli davlat organining Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sayti orqali taʼminlanadi.
Ekspertlarni akkreditatsiya qilish tartibi, shuningdek axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini amalga oshirishga va axborot mahsulotida bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotning mavjudligini yoki mavjud emasligini, uning muayyan yosh toifasidagi bolalarga mosligini yoki mos emasligini aniqlash uchun axborot mahsulotini ekspertizadan oʻtkazishga jalb etiladigan ekspertlarning reyestrini yuritish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
