19-modda. Axborot mahsuloti aylanishining xususiyatlari
Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-444-son) · Sana: 08.09.2017 · Amalda
Bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan bolalarni himoya qilishni taʼminlashning maʼmuriy va tashkiliy chora-tadbirlarini, dasturiy-apparat va texnika vositalarini qoʻllamay turib, ushbu axborotning jamoat joylarida aylanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jamoat joylarida bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotni oʻz ichiga olgan bosma mahsulot tarzidagi axborot mahsulotini faqat yopiq oʻrovlarda tarqatishga yoʻl qoʻyiladi.
Bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotni oʻz ichiga olgan axborot mahsulotining bolalar uchun moʻljallangan taʼlim, bolalar tibbiyot, sanatoriy-kurort, jismoniy tarbiya-sport muassasalarida, bolalarning madaniyat, dam olish va sogʻlomlashtirish tashkilotlarida tarqatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotni oʻz ichiga olgan axborot mahsulotini tomoshabop tadbir orqali namoyish etishda bevosita tomoshabop tadbir boshlanishidan oldin ushbu tadbirda tegishli yosh toifalaridagi bolalarning ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqida yoki ishtirok etishi cheklanishi toʻgʻrisida ovozli xabar eʼlon qilinadi.
Bolalarning oʻz yosh toifasiga mos kelmaydigan axborot mahsuloti namoyish etiladigan tomoshabop tadbirlarni tashkil etishda va oʻtkazishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
