17-modda. Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi
Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-444-son) · Sana: 08.09.2017 · Amalda
Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini belgilash axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilar va (yoki) tarqatuvchilar tomonidan, shu jumladan ekspertlarni jalb etgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatish boshlanguniga qadar amalga oshiriladi.
Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi ekspertni yoki ekspertlarni jalb etgan holda belgilangan taqdirda, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini belgilash bilan bogʻliq xizmatlarning haqini toʻlash va xarajatlarning oʻrnini qoplash ushbu xizmatlarga buyurtma bergan axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilar yoki tarqatuvchilar hisobidan amalga oshiriladi.
Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi uni bolalarning quyidagi yosh toifalaridan biriga kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi:
yetti yoshga toʻlmagan bolalar uchun axborot mahsuloti (ushbu axborot mahsulotining yoshga oid toifasi belgisi “0+” yozuvini aks ettirishi kerak);
yetti yoshga toʻlgan bolalar uchun axborot mahsuloti (ushbu axborot mahsulotining yoshga oid toifasi belgisi “7+” yozuvini aks ettirishi kerak);
oʻn ikki yoshga toʻlgan bolalar uchun axborot mahsuloti (ushbu axborot mahsulotining yoshga oid toifasi belgisi “12+” yozuvini aks ettirishi kerak);
oʻn olti yoshga toʻlgan bolalar uchun axborot mahsuloti (ushbu axborot mahsulotining yoshga oid toifasi belgisi “16+” yozuvini aks ettirishi kerak);
bolalar uchun taqiqlangan axborot mahsuloti (ushbu axborot mahsulotining yoshga oid toifasi belgisi “18+” yozuvini aks ettirishi kerak).
Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini amalga oshirishda:
uning mavzusi, janri, mazmuni va badiiy bezagi;
muayyan yosh toifasidagi bolalar tomonidan undagi axborotning idrok etilish xususiyatlari;
undagi axborotning bolalar sogʻligʻiga zarar yetkazish ehtimoli baholanadi.
Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ushbu mahsulotga axborot mahsuloti yoshga oid tasnifining tegishli belgisini joylashtirish uchun asos boʻladi.
