16-modda. Bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotni tasniflash
Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-444-son) · Sana: 08.09.2017 · Amalda
Bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborot jumlasiga bolalar oʻrtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsuloti, shuningdek muayyan yosh toifalaridagi bolalar oʻrtasida tarqatilishi cheklangan axborot mahsuloti kiradi.
Bolalar oʻrtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsuloti jumlasiga:
bolalarni ularning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan oʻz sogʻligʻiga zarar yetkazishga, oʻz joniga qasd qilishga va shunday harakatlarni targʻib qilishga undaydigan;
bolalarda alkogolli va tamaki mahsulotlarini, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qilish, qimor oʻyinlarida, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish, fohishalik, darbadarlik, tilanchilik yoki gʻayriijtimoiy xatti-harakatning boshqa shakllari bilan shugʻullanish istagini paydo qiladigan;
odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan zoʻravonlik va shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan yoki oqlaydigan yoxud zoʻravonlik xatti-harakatlarini amalga oshirishga undaydigan;
oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targʻib qiladigan, shuningdek ota-onasiga va oilaning boshqa aʼzolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan;
gʻayriqonuniy xulq-atvorni oqlaydigan va huquqbuzarlik sodir etishga olib keladigan;
jamiyatda buzgʻunchilik gʻoyalarini targʻib etishga chaqiradigan;
uyatli soʻzlarni oʻz ichiga olgan;
pornografiya xususiyatiga ega boʻlgan axborotni oʻz ichiga olgan;
gʻayriqonuniy harakatlar natijasida jabrlangan bolalar toʻgʻrisidagi, shu jumladan bunday bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillarining foto- va videotasvirlari, bunday bolaning tugʻilgan sanasi, uning ovozi yozilgan audiotasma, yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi, oʻqish yoki ish joyi toʻgʻrisidagi, bunday bolaning shaxsini bevosita yoxud bilvosita aniqlashga imkon beradigan boshqa axborotni oʻz ichiga olgan axborot mahsuloti kiradi.
Muayyan yosh toifalaridagi bolalar oʻrtasida tarqatilishi cheklangan axborot mahsuloti jumlasiga:
shafqatsizlik, jismoniy va (yoki) ruhiy zoʻravonlik, jinoyat yoki jamiyatga qarshi boshqa xatti-harakatlar tasviri yoki bayoni tarzida taqdim etiladigan;
