7-modda. Vazirliklar hamda idoralarning huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida (O‘RQ-443-son) · Sana: 07.09.2017 · Amalda
Vazirliklar va idoralar oʻz vakolatlari doirasida:
huquqiy axborotni belgilangan tartibda tarqatadi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlarni yuborish, eʼlon qilish, oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirish orqali tarqatadi;
oʻzi qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini hamda zarur boʻlgan taqdirda, ularga doir axborot-tahliliy materiallarni yuborish va rasmiy eʼlon qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yoʻllaydi;
markaziy devonga kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini oʻz tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga oʻz vaqtida yetkazilishini taʼminlaydi;
huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunchilikning oʻz tarkibiy va hududiy boʻlinmalarida ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar matnlaridagi normalarning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga doir, jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan zarur ishlarni tashkil etadi;
oʻz faoliyati sohasiga oid huquqiy axborot fondlarini shakllantiradi;
normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan tartibda yuritadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning soʻrovlariga koʻra oʻz faoliyati sohasiga doir huquqiy axborotni taqdim etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning qoʻllanilish tartibi haqida belgilangan tartibda tushuntirishlar beradi.
Vazirliklar va idoralar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
