18-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning faoliyatiga koʻmaklashish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida (O‘RQ-440-son) · Sana: 29.08.2017 · Amalda
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga uning faoliyatida koʻmaklashishi, u tomonidan soʻralayotgan, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli boʻlgan hujjatlar, materiallar hamda boshqa maʼlumotlarni, agar boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmasdan taqdim etishi shart.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga doir soʻrovlari, xulosalari, takliflari va tavsiyalarini koʻrib chiqishi, shuningdek Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning qonuniy talablarini bajarishi hamda koʻrib chiqish natijalari va koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida belgilangan muddatda uni xabardor qilishi shart.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning va uning devoni xodimlarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
