17-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyatining institutlari bilan hamkorligi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida (O‘RQ-440-son) · Sana: 29.08.2017 · Amalda
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻz vakolatlari doirasida hamkorlikni amalga oshiradi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha mavjud materiallar toʻgʻrisida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda axborot almashuvini, shu jumladan elektron shakldagi axborot almashuvini amalga oshiradi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlar va komissiyalar faoliyatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar oʻtkazishi, shuningdek ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida bitimlar va shartnomalar tuzishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakolatli davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida, shuningdek mazkur sohada ijtimoiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash uchun Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil huzurida Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi boʻyicha komissiya tuzilishi mumkin. Komissiyani Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil boshqaradi.
