“141-modda. Ushlab turilgan va qamoqqa olingan, maʼmuriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning Vakilga murojaat etishi
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-441-son) · Sana: 29.08.2017 · Amalda
Ushlab turilgan va qamoqqa olingan, maʼmuriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar (bundan buyon matnda qamoqda turgan shaxslar deb yuritiladi) yozma shakldagi murojaatlarni (xatlar va telegrammalarni) ularning soni cheklanmagan holda Vakilning nomiga yuborish huquqiga ega. Vakil nomiga yuboriladigan murojaatlar senzura qilinmaydi.
Jazoni ijro etish muassasalarining, qamoqda saqlash joylarining va maxsus qabulxonalarning maʼmuriyati qamoqda turgan shaxslarning murojaatlarini Vakilga muhrlangan tarzda yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay yuboradi, telegrammalarni esa darhol yuboradi. Vakilning javobi koʻzdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga darhol yetkazib beriladi.
Shikoyatlar koʻrib chiqilayotganda, shuningdek fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirayotganda Vakil jazoni ijro etish muassasalariga, qamoqda saqlash joylariga va maxsus qabulxonalarga moneliksiz kirish huquqiga ega. Mazkur muassasalarning maʼmuriyati Vakilning xavfsizligini taʼminlaydi.
Jazoni ijro etish muassasalarining, qamoqda saqlash joylarining va maxsus qabulxonalarning maʼmuriyati Vakilga qamoqda turgan shaxslar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart, uchrashuv va suhbat ushbu muassasalar xodimlari ularni koʻrib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli oʻtkaziladi”;
8) 15-moddaning toʻrtinchi qismidagi “vazifalarini bajarishga” degan soʻzlar “faoliyatiga” degan soʻz bilan almashtirilsin;
9) 18-moddaning uchinchi qismidagi “yoki” degan soʻz “va” degan soʻz bilan almashtirilsin;
10) 19-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Vakil tomonidan shikoyatlar koʻrib chiqilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllari va boshqa holatlarga qarab kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmaydi”;
