“12-modda. Vakilga beriladigan shikoyatlarga qoʻyiladigan talablar
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-441-son) · Sana: 29.08.2017 · Amalda
Vakilga berilgan shikoyatda arz qiluvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shikoyat nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan berilgan taqdirda esa, uning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Shikoyatda qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi) koʻrsatiladi, arz qiluvchining fikricha, uning huquqlarini buzgan qarorlarning, harakatlarning yoki harakatsizlikning mohiyati bayon etiladi.
Shikoyatlar davlat tilida yoki boshqa tillarda berilishi mumkin.
Yozma shikoyat arz qiluvchining imzosi yoki nodavlat notijorat tashkilotining vakolatli shaxsi imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Yozma shikoyatni arz qiluvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, shikoyat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilishi kerak.
Elektron shaklda berilgan shikoyat qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini koʻzlab shikoyatlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ularning qonuniy vakillari tomonidan berilishi mumkin.
Vakil inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida axborot mavjud boʻlganda yoki himoyaning huquqiy vositalaridan mustaqil ravishda foydalanishga layoqatsiz shaxslarni himoya qilish uchun oʻz tashabbusi bilan faktlar tekshiruvini oʻtkazishga haqlidir.
Shikoyat boʻyicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning koʻchirma nusxalari, shuningdek uni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar shikoyatga ilova qilinishi mumkin boʻlib, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, arz qiluvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno.
Arz qiluvchilar va ularning vakillari shikoyatni u koʻrib chiqilguniga qadar va koʻrib chiqilayotgan paytda shikoyat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olishi mumkin. Shikoyatni qaytarib olish toʻgʻrisidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha Vakil tomonidan choralar koʻrilishini istisno etmaydi.
