“631-modda. Sudyaning vakolat muddati va uni hisoblash tartibi
“Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xoʻjalik protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-428-son) · Sana: 12.04.2017 · Amalda
Sudya birinchi marta besh yillik muddatga, navbatdagi oʻn yillik muddatga va sudyalik lavozimida boʻlishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda tayinlanadi yoki saylanadi.
Sudya oʻz vakolati muddati davomida harbiy sudning, viloyat va Toshkent shahar sudining sudyasi, tumanlararo, tuman (shahar) sudining raisi va sudyasi lavozimiga Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining sudyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo, tuman (shahar) sudining raisi va sudyasi lavozimiga Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan qayta tayinlanishi mumkin. Bunda bir sudning oʻzida sudyalik lavozimida boʻlish muddati ikki yildan kam boʻlmasligi kerak.
Sudyaning qayta tayinlanishi masalasi uning arizasiga asosan Sudyalar oliy malaka hayʼatining tavsiyasiga binoan kiritiladi.
Sudyaning vakolat muddati uning sudyalik lavozimida faoliyat yuritgan umumiy stajidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
