18-modda. Kengashning davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida (O‘RQ-427-son) · Sana: 06.04.2017 · Amalda
Kengash sudyalik lavozimiga birinchi marta, navbatdagi oʻn yillik muddatga va sudyalik lavozimida boʻlishning keyingi muddatsiz davriga tayinlanadigan (saylanadigan) nomzodning munosibligini aniqlashda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining rahbarlik lavozimlariga nomzodni tayinlashda (saylashda) huquqni muhofaza qiluvchi organlardan zarur axborotni soʻrab olishi mumkin. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Kengashning soʻrovi olingan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda tegishli xulosani taqdim etishi kerak.
Kengash nomzodning sudyalik lavozimiga munosibligini oʻrganayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining va boshqa tashkilotlarning nomzodning ushbu tashkilotlarda ishlagan davrda shaxsiy va kasbiy sifatlari haqidagi fikrini soʻrab oladi. Kengashning soʻroviga soʻrov kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay javob yuborilishi kerak.
Kengash raisi sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirishga aralashganlik holatlari yuzasidan prokuratura organlariga taqdimnoma kiritishi mumkin.
Prokuratura organlariga kiritilgan taqdimnoma bir oy muddatda koʻrib chiqiladi va Kengash jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi toʻgʻrisida yoki uni qoʻzgʻatish rad etilganligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan xabardor qilinadi.
Sudya huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan taqdirda, sudya ushlangan paytdan eʼtiboran uch soatdan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga bu haqda ushlab turish uchun asos boʻlgan hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilingan holda xabar qilinishi shart.
