16-modda. Kengash aʼzosini rad etish va uning oʻzini oʻzi rad etishi
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida (O‘RQ-427-son) · Sana: 06.04.2017 · Amalda
Kengash aʼzosi, agar u:
Kengash majlisida nomzodi koʻrilayotgan shaxsga xizmat jihatidan, moddiy yoki boshqa tomondan qaram boʻlsa yoxud uning yaqin qarindoshi boʻlsa;
Kengash majlisining natijasidan va unda qabul qilinadigan qarordan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning begʻarazligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa, Kengash majlisida ishtirok etishi mumkin emas va u rad etilishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Kengash aʼzosi oʻzini oʻzi rad etishi shart. Agar u bunday qilmasa, ayni shu asoslar boʻyicha Kengashning boshqa aʼzolari tomonidan,shuningdek sudyalik lavozimiga nomzod tomonidan rad etilishi mumkin.
Rad etish haqidagi bayonot asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Rad etish bildirilgan Kengash aʼzosi rad etish toʻgʻrisidagi masala koʻrilishidan oldin oʻz tushuntirishlarini berishga haqli.
Rad etish toʻgʻrisidagi masala rad qilinayotgan shaxsning yoʻqligida Kengashning qolgan aʼzolari tomonidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan hal etiladi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Kengash aʼzosi rad etilgan hisoblanadi.
Bildirilgan rad etish qanoatlantirilganligi yoki rad qilinganligi toʻgʻrisida Kengash majlisining bayonnomasiga belgi qoʻyiladi.
