13-modda. Kengash aʼzosining majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida (O‘RQ-427-son) · Sana: 06.04.2017 · Amalda
Kengash aʼzosi:
oʻz faoliyatini qonunga muvofiq amalga oshirishi;
sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipi asosida odil sudlovni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va roʻyobga chiqarishda ishtirok etishi;
sudyalik lavozimlariga nomzodlarni xolis oʻrganishi;
sudyalar orasida korrupsiyaviy holatlarning oqibatlari va sabablarini, shuningdek ularning odil sudlovni amalga oshirish boʻyicha faoliyatiga aralashish holatlarining oldini olishga, ularni aniqlashga, chek qoʻyishga, ularni bartaraf etishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etishi hamda bu harakatlar toʻgʻrisida Kengashga xabar berishi;
Kengash majlislari maslahatlashuvini sir tutishi va oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi tufayli sudyalarning va sudyalik lavozimlariga nomzodlarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya qilishi;
Kengashning nufuziga putur yetkazishi, uning xolisligiga shubha tugʻdirishi mumkin boʻlgan harakatlardan tiyilishi;
oʻz faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymasligi va bu yuzaga kelganda ushbu Qonun 16-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslarga koʻra oʻzini oʻzi rad etishi;
Kengash tomonidan koʻrilayotgan masalalar boʻyicha ovoz berishi shart.
Kengash aʼzosining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
